O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan joriy 2023-yil 5-sentyabrdan boshlab to‘lov tashkilotlariga transchegaraviy xalqaro tranzit operatsiyalari o‘tkazishni ta’qiqlash choralari ko‘rilmoqda. Ushbu qaror O‘zbekiston moliya tizimi va xususan fintex bozorini xalqaro savdo va moliya tizimidagi xatarlardan himoya qilishga qaratilgan bo‘lib, bir qator asoslarga ega:
– O‘zbekiston to‘lov tashkilotlari xalqaro fintex bozorlarida (Rossiya, Qozog‘iston, boshqa MDH davlatlari, Yevropa va h.k.) moliyaviy xizmatlarni ko‘rsatish uchun o‘sha davlat yoki iqtisodiy hududning moliyaviy regulyatori tomonidan berilgan litsenziyaga ega bo‘lishlari kerak. Bu holat O‘zbekiston Respublikasining “To‘lovlar va to‘lov tizimlari” to‘g‘risidagi qonunida ham e’tiborga olingan bo‘lib, ushbu qonunga asosan to‘lov tashkilotlari to‘lov xizmatlarini O‘zbekiston Respublikasi hududida Markaziy bankning tegishli litsenziyasiga asosan yetkazib beradi. To‘lov tashkilotlari chet el davlat benefitsiarlari tomonidan bajarilgan xizmat yoki tovarlar uchun to‘lov xizmatlarini yetkazib berish faoliyatini amalga oshirish uchun benefitsiar ro‘yxatdan o‘tgan davlatning tegishli idoralaridan litsenziya olgan bo‘lishi kerak.
– O‘zbekiston banklari tashqi iqtisodiy faoliyat bilan shug‘ullanish huquqini beruvchi litsenziyani olishda Markaziy bank tomonidan qo‘yilgan talablarni bajarishlari shart bo‘lib, bular asosan kadrlar, infrastruktura, ichki me’yoriy hujjatlar, kapital yetarliligiga oid talablardan iborat va to‘lov tashkilotlarida odatda bu kabi talablarni bajarish imkoniyati mavjud emas. Xususan, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablari bo‘yicha chet davlat benefitsiarlarini to‘liq identifikatsiyadan o‘tkaza olmaslik to‘lov tashkilotlari va umuman bank-moliya tizimi uchun xatarlarni keltirib chiqaradi.
– Xalqaro miqyosdagi yirik moliyaviy tashkilotlar tomonidan shakllantirilgan sanksiyaviy ro‘yxatlar va ulardagi o‘zgarishlarni doimiy monitoring qilib borish, sanksiya qo‘llangan yuridik va jismoniy shaxslarning moliyaviy operatsiyalarini cheklashga oid talablarni bajarish keng miqyosdagi moliyaviy, texnologik va kadrlar bilan bog‘liq resurslarni talab qiladi va to‘lov tashkilotlari tomonidan ushbu talablarni bajara olmaslik umumiy O‘zbekiston bank-moliya tizimiga nisbatan ishonchsizlikni keltirib chiqaradi.
Yuqoridagi holatlardan kelib chiqib, "ANOR BANK" AJ O‘zbekiston bank-moliya tizimini, uning ishtirokchilarini va aholini huquqiy asosga ega bo‘lmagan tashqi iqtisodiy faoliyat natijasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xatarlardan himoyalash yuzasidan Markaziy bank tomonidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlarni qo‘llab-quvvatlaydi.
Shu bilan birgalikda, O‘zbekiston hududidagi naqdsiz hisob-kitob tizimlari va ularning ishtirokchilarini, respublikamiz aholisi va bank-moliya tizimini moliyaviy xatarlardan himoyalash maqsadida tijorat banklari tomonidan mavjud qonunchilik va Markaziy bankning me’yoriy talablariga qat’iy rioya qilinishi, transchegaraviy operatsiyalarni amaga oshirishda xorijiy hamkor banklar bilan birgalikda jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi chora-tadbirlarni muntazam ravishda amalga oshirib borishlari talab etiladi.
Please, introduce yourself to start the conversation