RASMIY MUNOSABAT ijtimoiy tarmoqlardagi bank nomi va faoliyati to‘g‘risida tarqatilayotgan yolg‘on xabarlar bo‘yicha

12.12.2022

RASMIY MUNOSABAT ijtimoiy tarmoqlardagi bank nomi va faoliyati to‘g‘risida tarqatilayotgan yolg‘on xabarlar bo‘yicha

Hozirgi kunda “Anorbank” tomonidan 1,0 mlndan ortiq jismoniy va yuridik shaxslarga keng ko‘lamdagi moliyaviy xizmatlar ko‘rsatib kelinmoqda.

“Anorbank” o‘z faoliyatini 2020 yilda boshlab, qisqa muddat ichida mamlakat bo‘ylab 1 000 dan ortiq ish o‘rinlari yaratildi, shundan 80% dan ortig‘i, oliy va o‘rta maxsus o‘quv yurtlari bitiruvchilari bo‘lgan yosh kadrlar ish bilan taʼminlanib, shu muddat ichida bank tomonidan iqtisodiyotga 300,0 mlrd so‘mga yaqin investitsiya kiritilib, aholi va tashkilotlarning 3,0 trlnga yaqin bo‘sh pul mablag‘lari bank depozitlariga jalb qilindi, shuningdek, bank yirik soliq to‘lovchi sifatida shu yil davomida 16,0 mlrd so‘mga yaqin soliq va boshqa majburiy to‘lovlarni davlat byudjetiga yo‘naltirdi.

Sizga maʼlumki, joriy yilning oktyabr oyida ommaviy axborot vositasi sifatida faoliyat olib boruvchi “sof.uz” veb-sayti (muassisi “Komil Unsur” MCHJ) tomonidan bank haqida yolg‘on va buzib talqin etilgan axborotlar tarqatilib, bank xizmatlari isteʼmolchilarining fikrini chalg‘itishga qaratilgan harakat amalga oshirildi.

“Anorbank” ochiqlik siyosati va so‘z erkinligini qo‘llab-quvvatlagan holda yuzaga kelgan holat bo‘yicha “ochiq xat” bilan murojaat qilib, bank xizmatlari va mahsulotlari haqidagi batafsil maʼlumotlarni aholi va mijozlar eʼtiboriga yetkazdi.

Shuningdek, joriy yilning 5 noyabr kuni “Anorbank” tomonidan matbuot anjumani o‘tkazilib, moliyaviy xizmatlar bozorida ikki yil ichida bank tomonidan erishilgan ko‘rsatkichlar, ommabop bo‘lgan omonat, kredit va mikroqarzlar haqidagi maʼlumotlar jurnalist va blogerlar hamda aholi eʼtiboriga yetkazildi.

Matbuot anjumanida ommaviy axborot vositalari tomonidan berilgan savollarning aksariyati “sof.uz” veb-saytini yuridik javobgarlikka tortish haqida bo‘lganligi uchun avvalo mediatsiya – nizoni sudgacha hal etish jarayoni o‘tkazilishi, agar mediatsiyada tomonlar o‘zaro kelishuvga erisha olmasalar nizo qonunchilik asosida hal etish uchun sud muhokamasiga taqdim etilishi maʼlum qilingan edi.

Nizoni sudgacha hal etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi Toshkent viloyat boshqarmasida “Anorbank” va “sof.uz” veb-sayti muassisi “Komil Unsur” MCHJ vakillari ishtirokida mediatsiya o‘tkazildi.

Mediatsiya davomida “Anorbank” tomonidan “sof.uz” veb-saytida, YouTube va telegram kanalida bank raddiyasini eʼlon qilish, bankning ishbilarmonlik obro‘siga putur yetkazuvchi yolg‘on va buzib talqin etilgan axborot tarqatilganligi uchun rasmiy uzr so‘rash lozimligi maʼlum qilindi.

“Sof.uz” veb-sayti vakillari mediatsiya shartlari borasida o‘ylab ko‘rishlari lozimligini maʼlum qilishib, mediatsiyani boshqa kunga qoldirishni taklif qildilar. Ming afsuslar bo‘lsinki, “sof.uz” veb-sayti vakillari keyingi mediatsiya

jarayoniga tashrif buyurmadilar. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi Toshkent viloyat boshqarmasi tomonidan bayonnoma tuzilgan.

Mediatsiyada o‘zaro kelishuvga erishib bo‘lmaganidan so‘ng, shuningdek,  “sof.uz” veb-sayti bank haqida yolg‘on va buzib talqin etilgan axborotlar tarqatilganligini tan olishdan bosh tortganligi uchun “Anorbank” o‘z ishchanlik obro‘sini sud orqali himoya qilishni lozim deb topdi.

Ishchanlik obro‘si zamirida nafaqat bankning imiji va obro‘si balki minglab mijozlarning hamda bank xodimlarining ishonchi va umidlari mavjud.

Ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda u yoki bu bank haqida tarqatilgan haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan, yolg‘on va buzib talqin etilgan axborotlar faqatgina ushbu bankning ishchanlik obro‘siga putur yetkazib qolmasdan, balki keng qatlamdagi aholi va mijozlarning fikrini chalg‘itish, bank tizimiga bo‘lgan ishonchni sindirish, jamoatchilik orasida norozilik kayfiyatini tug‘dirish kabi salbiy oqibatlarga olib keladi.

Hozirgi kunlarda amalga oshirilayotgan navbatdagi axborot xurujining asosiy sababi – bu “Anorbank” daʼvo arizasi asosida “sof.uz” veb-sayti muassisi “Komil Unsur” MCHJga nisbatan iqtisodiy ish qo‘zg‘atilganligidadir.

Darhaqiqat “Anorbank” tomonidan suddan “sof.uz” veb-sayti zimmasiga nafaqat raddiya berish majburiyatini yuklash, balki yolg‘on va buzib talqin etilgan axborotlar tarqatilganligi natijasida yetkazilgan moddiy zararni undirish va maʼnaviy zarar uchun kompensatsiya to‘lash ham so‘ralgan.

Ushbu holat ayrim jurnalist va blogerlar tomonidan so‘z erkinligini bo‘g‘ish deya talqin etilmoqda, vaholanki zararni to‘lash majburiyati qonunchilik bilan belgilangan javobgarlik chorasi hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligi bilan har kim fikrlash va so‘z erkinligi huquqiga ega ekanligi, O‘zbekiston Respublikasida ommaviy axborot vositalari erkinligi bilan bir qatorda ommaviy axborot vositalari erkinligini suiisteʼmol qilishga yo‘l qo‘yilmasligi hamda muayyan ish bo‘yicha sud qarori chiqmasdan turib yoki sudning qarori qonuniy kuchga kirmay turib, uning natijalarini taxmin qilish yoxud sudga boshqacha yo‘l bilan taʼsir ko‘rsatish taqiqlanishi belgilangan huquqiy normalar mavjud.

Shuni eslatib o‘tish joizki, amaldagi qonunchilik hujjatlarida quyidagi mazmundagi huquqiy normalar ham mavjud, xususan:

a) “Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 7-moddasi:

- birinchi qismida axborot undan hamma erkin foydalanishi mumkinligi taʼminlangan va haqqoniy bo‘lishi kerak;

- ikkinchi qismida axborotni buzib talqin etish va soxtalashtirish taqiqlanadi;

- uchinchi qismida ommaviy axborot vositalari o‘zlari tarqatayotgan axborotning haqqoniyligi uchun axborot manbai va muallifi bilan birgalikda qonunda belgilangan tartibda javobgar bo‘ladilar;

b) “Axborot olish kafolatlari va erkinligi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 11-moddasida ommaviy axborot vositalari eʼlon qilinayotgan axborotning to‘g‘riligini tekshirib ko‘rishlari shart va ular axborot beruvchi bilan birgalikda uning to‘g‘riligi uchun qonunchilikda belgilangan tartibda javobgar bo‘ladilar;

v) “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 5-moddasi to‘rtinchi qismida ommaviy axborot vositalari qonunchilikka muvofiq axborotni izlash, olish, tadqiq etish, tarqatish, undan foydalanish, uni saqlash huquqiga ega hamda tarqatilayotgan axborotning xolisligi va ishonchliligi uchun belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.

Eʼtiborli tomoni shundaki, “sof.uz” veb-sayti bosh sahifasida uning muassisi va tahririyati haqidagi maʼlumotlar oshkor etilmagan, vaholanki ushbu talab “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining 27-1-moddasi ikkinchi qismi bilan belgilab qo‘yilgan.

Bundan ko‘rinmoqdaki “sof.uz” veb-sayti o‘zi tarqatadigan yolg‘on axborotlar bo‘yicha qonun oldidagi javobgarlikdan qochish maqsadida muassisi va tahririyati haqidagi maʼlumotlarni yashirgan.

Nizo “Anorbank” va “sof.uz” veb-sayti o‘rtasida yuzaga kelgan bo‘lsada, bank haqidagi negativ fikrlarni tug‘dirishga qaratilgan xabarlar telegram tarmog‘idagi anonim bo‘lgan Kompromatuzb kanalida chiqarilishi bilan birgalikda, jurnalist va bloger Xurshid Daliyevning @muxbirdaliev hamda boshqa bir guruh blogerlar kanallari orqali so‘z erkinligiga tahdid shiori ostida sud yurituvidagi ish bo‘yicha bir yoqlama pozitsiyalar bildirilmoqda.

Shu o‘rinda “sof.uz” veb-sayti bilan yuqorida nomlari qayd etilgan kanallar orasida qanday bog‘liqlik mavjud degan savol tug‘iladi?

“Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 6-moddasida o‘z kasbiga doir faoliyatni amalga oshirish chog‘ida jurnalist qonunchilik talablariga rioya etishi; o‘zi tayyorlayotgan materiallarining to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri ekanligini tekshirishi va xolis axborot taqdim etishi; aybsizlik prezumpsiyasi prinsipiga amal qilishi; jurnalistlarning kasbga oid odob-axloq qoidalariga rioya etishi; shaxsning huquqlari va erkinliklarini, shaʼni va qadr-qimmatini hurmat qilishi shart ekanligi belgilangan.

Shu bilan bir qatorda “Anorbank” O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 139-moddasi ikkinchi va uchinchi qismlarida tuhmat qilish, yaʼni bila turib boshqa shaxsni sharmanda qiladigan uydirmalar tarqatish – nashr qilish yoki boshqacha usulda ko‘paytirilgan tarzda, shu jumladan ommaviy axborot vositalarida, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki Internet jahon axborot tarmog‘ida joylashtirish orqali hamda g‘arazgo‘ylik yoki boshqa past niyatlarda qilinsa – jinoiy javobgarlik nazarda tutilganligini eslatib o‘tadi.

Shuningdek o`qing

13.03.2026 ANORBANK mijozlarning kundalik hayoti haqidagi yangi reklama kampaniyasini boshladi
18.02.2026 ANORBANK Central Asian Fintech Association (CAFA) ga a’zo bo‘ldi
14.01.2026 Visa Infinite kartalari bo‘yicha yangi shartlar

Anorbank ilovasi

Qulay va tushunarli interfeys, yangi funksiyalar va imkoniyatlarni yangi ilovamizda topasiz. Shuningdek ilovaning ishlash tezligi ham oshirildi.

Anorbank ilovasini yuklab olish uchun QR-kod
QR-kodni skaner qiling
va ilovani yuklab oling.

Sizning fikr-mulohazangiz uchun tashakkur!

Kerakli ma'lumotni topdingizmi?

Havola bilan bo'lishing:

Anora

Online

Xush kelibsiz!

Iltimos, suhbatni boshlash uchun o'zingizni tanishing