
ANORBANK kredit reytingi o‘zgarishi munosabati bilan bayonot
ANORBANK reyting agentligining kredit reytingini CCC+ darajasigacha o‘zgartirish haqidagi qarorini qabul qiladi. Ayni bosqichda xavotir uyg‘otadigan jiddiy salbiy omillar kuzatilmayapti. Bankning moliyaviy holati yoki faoliyatiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan holatlar yuzaga kelgan taqdirda, tegishli choralar o‘z vaqtida va zarur hajmda ko‘riladi.
CCC+ darajasi asosiy jihatni tasdiqlaydi: bank barqaror faoliyat yuritmoqda va mijozlar oldidagi barcha majburiyatlarini to‘liq bajarmoqda. Bankning operatsion barqarorligi samarali boshqaruv va biznes-modelning moslashuvchanligiga tayanadi. Omonatchilar va hamkorlar uchun mazkur qaror hech narsani o‘zgartirmaydi — mobil ilova, pul o‘tkazmalari, naqd pul yechib olish, kartalar va hisobvaraqlarga xizmat ko‘rsatish odatdagi tartibda ishlamoqda va ishlashda davom etadi. Bankda yetarli likvidlik zaxirasi va moliyaviy barqarorlik mavjud.
Nega aynan shunday reyting: metodologiya masalasi
Reyting agentligi hisob-kitobda e’tibor qaratadigan asosiy ko‘rsatkichlardan biri — Fitch Core Capital, ya’ni bankning asosiy kapitali hajmining kredit portfeli hajmiga nisbati.
Bank regulyator talablariga muvofiq kapital yetarliligi bo‘yicha barcha belgilangan me’yorlarni bajarmoqda.
Shu bilan birga, reyting agentligi o‘z metodologiyasidan foydalanadi. Ushbu metodologiya doirasida kapitaldan nomoddiy aktivlarning qiymati, jumladan, sotib olingan dasturiy ta’minot qiymati chegirib tashlanadi.
ANORBANK uchun ushbu omil ayniqsa muhim. Raqamli bankning o‘ziga xos xususiyatlari texnologiyalarga katta miqdorda investitsiya kiritishni talab qildi. Dastlabki to‘rt yil davomida biz mijozlarga masofaviy xizmat ko‘rsatish uchun dasturiy yechimlarni faol ravishda xarid qildik — skoring tizimlari, CRM, kredit konveyeri, kartalarni yetkazib berish, monitoring va hisob yuritish platformalari va boshqalar. Bunda ko‘plab yechimlar muntazam to‘lov asosidagi litsenziya modeli orqali emas, balki mulk sifatida xarid qilingan.
Aynan bankning texnologik bazasi ko‘lamini aks ettiruvchi ushbu aktivlar agentlik metodologiyasi bo‘yicha hisob-kitoblarga ta’sir ko‘rsatgan asosiy omillardan biri bo‘ldi.
Keyingi qadamlar
Tashqi bahoning o‘zgarishi biz uchun ichki transformatsiyalarni jadallashtirishga turtki bo‘lmoqda. Bugungi kunda ANORBANK jamoasi ijobiy tashabbuslarni amalga oshirishga e’tibor qaratmoqda: biz IT-tizimlar barqarorligini oshirish, masofaviy xizmat ko‘rsatish kanallarini rivojlantirish va mijozlar uchun kundalik operatsiyalarni yanada qulay qilish bo‘yicha rejali ishlarni davom ettirmoqdamiz.
Bank kelajakka ishonch bilan qaraydi va mijozlari uchun ishonchli texnologik hamkor sifatida rivojlanishda davom etadi.
Iltimos, suhbatni boshlash uchun o'zingizni tanishing